11
11

Oʻzbekistonda ichki aviaqatnovlar chiptalari 20 foizgacha arzonlashtirildi

Oʻzbekistonda ichki aviaqatnovlar uchun aviachiptalar narxi oʻrtacha 20 foizgacha pasaytirildi. Yangi tariflar 16-oktyabrdan boshlab amal qiladi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, qoʻmita ichki aviaqatnovlardagi tariflar, narxlarning shakllanishi va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oʻrgangan. Tahlillar natijasida tashish xarajatlarini maqbullashtirish orqali chiptalar narxini pasaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.

Ushbu takliflar qoʻllab-quvvatlanganidan soʻng, Raqobat qoʻmitasi «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi bilan hamkorlikda ichki yoʻnalishlar tariflarini qayta koʻrib chiqqan.

Qayd etilishicha, chiptalar narxining pasaytirilishi aholi uchun aviaqatnovlarni hamyonbop qilish, ichki turizmni rivojlantirish va hududlar oʻrtasida harakatlanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.