Yoshlar ishlari agentligi tomonidan bugungi kunga qadar xalqaro imtihonlarda yuqori natija qayd etgan 74 102 nafar yoshga 151 mlrd. soʻm imtihon xarajatlari qoplab berildi.
Qayd etish joizki, oʻsish surʼati ancha yuqori. Deylik, 2025-yil 17 261 nafar yoshning imtihon xarajatlari qoplangan boʻlsa, joriy yil yakunigacha 25 850 nafarlik marra koʻzlangan.
Xoʻsh, imkoniyatdan kimlar koʻproq foydalanyapti? Bunda eng katta ulush 18 — 23 yoshli yigit-qizlarga (33 317 nafar) tegishli. 14 — 17 yoshli 25 112 nafar yosh ham xalqaro imtihonlarda yuqori natija qayd etgan. Demak, jami kompensatsiya olganlarning 79 foizi 14 — 23 yoshdagilardir. Bu esa bolalar maktab davridayoq xalqaro sertifikatlar va xorijiy taʼlim imkoniyatlariga jiddiy tayyorlanayotganini bildiradi.
“IELTS” boʻyicha hozirgacha 54 048 nafar yoshga 125 mlrd. soʻm kompensatsiya toʻlangan. Yana bir yaxshi tendensiya, tanlov kengayayotganidir. Koreys tilidan “TOPIK”, xitoy tilidan “HSK”, nemis tilidan “TestDAF”, “Goethe-Zertifikat” kabi xalqaro imtihonlar ham kompensatsiya tizimida oʻz oʻrniga ega boʻlib boryapti.
Endilikda davlatimiz rahbari qaroriga koʻra, 12 ta hududda doimiy yashovchi yoshlar “IELTS”dan 6 va undan yuqori yoki “TOEFL”dan 60 va undan yuqori ball olsa, imtihon xarajatlari qoplab beriladi.
Bu raqamlarni koʻrish, albatta, quvonarli. Bir necha yil oldin minglab yoshlar foydalangan imkoniyat bugun oʻn minglab yoshlarni qamrab olyapti.