11
11

Markaziy bank faoliyati takomillashtirilmoqda

Senatning 20-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga, bozor mexanizmlarini rivojlantirishga, banklar va toʻlov tizimlarining barqarorligini kuchaytirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosatini amalga oshirish, kredit tashkilotlari uchun prudensial normativlarni belgilash va toʻlov tizimlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlarni xalqaro tamoyillardan kelib chiqqan holda samarali tarzda amalga oshirish, moliya bozorida yuzaga keladigan favqulodda vaziyatlar sharoitida tezkor huquqiy choralar koʻrish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga Markaziy bankning institutsional mustaqilligini yanada mustahkamlashga, uning normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish hamda qabul qilish bilan bogʻliq faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan tuzatishlar kiritilmoqda.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4


Jumladan, Markaziy bank, uning hududiy bosh boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatini tekshirish Oliy Majlis Senatining qarori asosida yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, banklarda korporativ boshqaruvni va ichki auditni tashkil etish, aholining qarz yukini tartibga solish, pul-kredit siyosatini amalga oshirish, tizimli moliyaviy inqiroz yuzaga kelishining oldini hamda toʻlovlarni va toʻlov tizimlarini tartibga solish yuzasidan Markaziy bankning yuridik xizmatining ijobiy xulosasi berilgan normativ-huquqiy hujjatlar soddalashtirilgan tartibda oʻn kun ichida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonun banklar va toʻlov tizimlarining barqarorligini mustahkamlashga, banklar va toʻlov tizimlarini rivojlantirish borasida ilgʻor xalqaro amaliyotni yanada keng joriy etishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.