Oʻzbekistonda valyuta ayirboshlash kursini shakllantirish va eʼlon qilish tartibi oʻzgaradi

2026-yil 15-sentyabrdan ichki valyuta bozorida valyuta ayirboshlash kursini shakllantirish va eʼlon qilish tartibi takomillashtiriladi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Yangi tartibga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy valyuta ayirboshlash kurslari nafaqat valyuta birjasidagi bitimlar, balki banklararo birjadan tashqari bozorda tuzilgan bitimlar ham inobatga olingan holda hisoblanadi.

Xususan, rasmiy kurs birja va birjadan tashqari bozorda tuzilgan bitimlarning oʻrtacha tortilgan kursi asosida shakllantiriladi.

Qayd etilishicha, mazkur oʻzgarish ichki valyuta bozoridagi bitimlarni rasmiy kursni hisoblash jarayonida kengroq qamrab olish hamda bozordagi holatni yanada aniq aks ettirish imkonini beradi.

Shuningdek, dam olish kunlari, jumladan, shanba va yakshanba kunlari uchun kursni alohida hisoblash oʻrniga, oxirgi ish kunida rasmiy eʼlon qilingan kursdan foydalanish tartibi joriy etiladi.