Konferensiya mahalla xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan oʻquv kurslari doirasida tashkil etildi.
Tadbirda Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulhakim Eshmuratov maʼruza qildi.
Senator oʻz chiqishida ustoz va murabbiylarning yosh avlodni tarbiyalash, insonning bilim va koʻnikmalarini shakllantirish, uning jamiyatda munosib oʻrin egallashidagi oʻrniga alohida eʼtibor qaratdi. Shu nuqtayi nazardan, mahalla xodimlarining malakasini oshirish, ularning huquqiy savodxonligi va aholi bilan ishlash koʻnikmalarini mustahkamlash muhim vazifa ekani qayd etildi.
Shu bilan birga, mahallalarga berilayotgan vakolat va resurslar bilan bir qatorda masʼuliyat ham ortib borayotgani taʼkidlandi. Ajratilgan mablagʻlarning samaradorligi, eng avvalo, ularning aholi hayotida qanday natija berayotgani bilan baholanishi zarurligi qayd etildi.
Mahalla xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan oʻquv kurslari esa faqat nazariy bilim yoki sertifikat bilan cheklanib qolmasdan, aholi bilan samarali muloqot qilish, huquqiy bilimlarni mustahkamlash va joylardagi muammolarni hal etish koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qilishi lozimligi taʼkidlandi.
Tadbir yakunida ustoz va murabbiylar, professor-oʻqituvchilar hamda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarga minnatdorlik bildirilib, ularning jamiyat taraqqiyotidagi munosib oʻrni va mehnati eʼtirof etildi.