11
11

Oʻzbekistonda 8 oyda 62,8 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi

Joriy yilning yanvar–avgust oylarida Oʻzbekistonda 62,8 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5 mlrd kVt·soat yoki 8,7 foiz koʻpaygan.

Ishlab chiqarilgan elektr energiyasining asosiy qismi, yaʼni 44,5 mlrd kVt·soati issiqlik elektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri kelgan. Shuningdek, katta quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalarida 9,1 mlrd kVt·soat, gidroelektr stansiyalarda 6,2 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

Kichik quvvatli quyosh panellari (Rooftop) orqali 2,3 mlrd kVt·soat, blok-stansiyalar orqali esa 689,3 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Hisobot davrida respublika boʻyicha elektr energiyasi isteʼmoli 61,4 mlrd kVt·soatni tashkil etgan. Bu 2025-yilning yanvar–avgust oylariga nisbatan 3,6 mlrd kVt·soat yoki 6,2 foizga oshgan.

Maʼlum qilinishicha, shu davrda 3,1 mlrd kVt·soat elektr energiyasi eksport qilingan. Eksport hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 753 mln kVt·soat yoki 31,7 foizga koʻpaygan. Elektr energiyasi importi esa 1,7 mlrd kVt·soatni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich bir yil avvalgi davrga nisbatan 669,8 mln kVt·soat yoki 28 foizga kamaygan.

2026-yilning avgust oyining oʻzida Oʻzbekistonda 8,4 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu 2025-yilning avgustiga nisbatan 1,1 mlrd kVt·soat yoki 14,4 foizga koʻpaygan.

Avgust oyida respublika boʻyicha elektr energiyasi isteʼmoli ham 8,4 mlrd kVt·soatni tashkil etdi. Mazkur koʻrsatkich oʻtgan yilning shu oyiga nisbatan 953,9 mln kVt·soat yoki 12,7 foizga oshgan.