11
11

Toshkentda avtobuslarda yoʻl haqini toʻlamagan 14 ming kishi jarimaga tortildi

2026-yil 1–22-sentyabr kunlari Toshkent shahri jamoat transportida yoʻl haqini belgilangan tartibda toʻlamagan 14 051 nafar yoʻlovchiga maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu koʻrsatkich avgust oyining mos davriga nisbatan 8 494 nafarga yoki 153 foizga koʻp.

Nazorat tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 276-son qarori ijrosini taʼminlash doirasida oʻtkazilmoqda. Qarorga muvofiq, 1-sentyabrdan boshlab yoʻlovchilar avtobusga chiqish vaqtida yoʻl haqini toʻlashi belgilangan.

Mazkur talabga rioya etilishini taʼminlash maqsadida “Toshkent shahar yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi nazoratchilari tomonidan poytaxt jamoat transportida muntazam nazorat va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Nazorat tadbirlarida yoʻlovchilarga yoʻl haqini oʻz vaqtida va belgilangan tartibda toʻlash talabi tushuntirilib, qoidabuzarlik holatlari boʻyicha amaldagi tartibda choralar koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, 1–22-sentyabr kunlari poytaxt avtobuslarida 27 865 278 nafar yoʻlovchi tashilgan. Yoʻlovchilar oqimi 2025-yilning shu davriga nisbatan 3 612 787 nafarga yoki 15 foizga, avgust oyining mos davriga nisbatan esa 7 030 564 nafarga yoki 34 foizga oshgan.

Yoʻl haqini belgilangan tartibda va oʻz vaqtida toʻlash jamoat transportidan foydalanish madaniyatining muhim qismi hisoblanadi.