O‘zbekiston Transport vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda akkauntlar, to‘lovlar va xabarnomalarni olish bilan bog‘liq muammolar haqida tarqalayotgan xabarlar fonida ATTO ilovasining ishlash xususiyatlarini tushuntirdi.
Vazirlik maʼlum qilishicha, foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish va to‘lov operatsiyalari xavfsizligini taʼminlash maqsadida bitta ATTO akkauntidan bir vaqtning o‘zida faqat bitta qurilmada foydalanish mumkin.
Akkauntga boshqa qurilmadan kirilganda, avvalgi qurilmadagi sessiya avtomatik ravishda yakunlanadi.
Transport vazirligida taʼkidlanishicha, bunday tartib akkauntlar xavfsizligini oshirish va to‘lov operatsiyalarining to‘g‘ri amalga oshirilishini taʼminlashga qaratilgan.
To‘lovlar haqidagi maʼlumotlarni yangilash va xabarnomalarni yetkazib berish tezligi internet ulanishining barqarorligiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Shu munosabat bilan yuzaga keladigan texnik holatlar individual tartibda ko‘rib chiqilishi talab etiladi.
ATTO ilovasi orqali to‘lovlarni amalga oshirishda texnik nosozliklar yoki savollarga duch kelgan foydalanuvchilar +998 78 140 08 08 telefon raqami orqali qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishlari mumkin.
Qo‘llab-quvvatlash xizmati mutaxassislari murojaatlar asosida tegishli operatsiyalarni tekshiradi hamda har bir aniq holat bo‘yicha maʼlumot va tushuntirishlar beradi.
Transport vazirligi jamoat transportida raqamli to‘lov xizmatlaridan barqaror, xavfsiz va qulay foydalanishni taʼminlash bo‘yicha ishlarni davom ettirayotganini maʼlum qildi.