Oliy sudlov akademiyasi va Notarial palata oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudlov akademiyasi hamda Oʻzbekiston Notarial palatasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat yuqori malakali yuridik kadrlarni tayyorlash, taʼlim jarayonini amaliyot bilan uygʻunlashtirish hamda tinglovchilarda kasbiy faoliyat uchun zarur amaliy koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan.

Memorandum doirasida tomonlar taʼlim, ilm-fan va amaliyot yoʻnalishlarida oʻzaro tajriba almashish, hamkorlikdagi tadbir va loyihalarni amalga oshirish hamda yuridik kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish boʻyicha hamkorlik qiladi.

Hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi sohada qonunchilikni takomillashtirish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan mustahkamlash va sohada zamonaviy yondashuvlarga ega malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Xususan, Akademiya hamda Notarial palata sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish va yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish boʻyicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqib, ularni belgilangan tartibda vakolatli organlarga kiritish, shuningdek notarial hujjatlarning sudda dalil sifatidagi ahamiyati, ijro xatlari va ular boʻyicha shakllanayotgan sud amaliyoti, shuningdek, notarial himoya mexanizmlari orqali sudlarning ish yuklamasini kamaytirish imkoniyatlari boʻyicha qoʻshma ilmiy-tahliliy tadqiqotlarni olib borishni belgilab oldilar. Buning natijasida aholi oʻrtasida sarsongarchiliklarning oldi olinishi va qulayliklar yaratilishi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Bundan tashqari, Palataning buyurtmasiga asosan notariuslar va notarial idoralar xodimlarining bilim va koʻnikmalarini oshirish, sudga murojaat qilish, nizolarni koʻrib chiqishda protsessual huquqlardan foydalanish hamda sud amaliyotining dolzarb masalalari boʻyicha maxsus malaka oshirish va oʻquv kurslarini tashkil etiladi.