Sazagʻon kengliklarida qurilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasining birinchi bosqichi ishga tushirildi

Hozirda Nurobod tumanida 1000 MVt quvvatga ega yirik quyosh energetika majmuasining barpo etilayotgani mintaqaning energetika tizimi barqarorligi va ishonchliligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu yerda nafaqat 1000 MVt quyosh fotoelektr stansiyasi, balki energiya toʻplash tizimi, yirik podstansiya va zamonaviy elektr uzatish liniyalari ham barpo etilmoqda. Loyiha ishga tushirilgach, ushbu obyekt har yili mamlakatimizga 2,4 milliard KVt soat elektr energiyasi beradi va yana 1 milliard KVt soatni saqlash va yagona energiya tizimiga uzatish imkonini beradi. Eng muhimi, 800 ming xonadon ekologik toza elektr energiyasi bilan taʼminlanadi.

— Mazkur loyiha quyosh fotoelektr stansiyasi va elektr energiyani saqlash tizimlarini oʻz ichiga olgan yirik energetika majmuasidir. Chunki, ikki hududda biri 100, ikkinchisi esa 900 MVt quvvatga ega yangi obyektlar barpo etilmoqda, — deydi “ACWA Power Sazagan Solar 1,2” loyihasi bosh direktori Alimardon Abdukarimov. — Bu loyihaning umumiy qiymati 1,8 milliard AQSH dollariga teng boʻlib, shu asosda 1000 MVt li quyosh fotoelektr stansiyasi va 1336 MVt soat elektr energiyani saqlash tizimiga asoslangan quvvatni saqlash va yetkazib berish qurilmalari qurilmoqda.

Bugunga kelib loyihaning dastlabki natijalari oʻz samarasini bera boshladi. Stansiyaning 100 MVt li quvvati yagona elektr tarmogʻiga ulandi va ekologik toza elektr energiyasi rasman elektr energetika tizimiga uzatila boshlandi.

Endilikda loyihaning 1000 MVtlik loyiha quvvatiga bosqichma-bosqich chiqish hamda 1336 MVt quvvatga ega energiyani saqlash tizimi (BESS)ni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu esa yuz minglab xonadonlarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi.

— Bu yerda shu yaqin atrofdagi mahallalardan koʻplab ishchilar kelib ishlayapti, ular shu yerdan olayotgan daromadi bilan roʻzgʻor qilishyapti. — deydi mehnat faxriysi Shukurullo Omonov. — Mana xalqimiz ham koʻrib, bilib turibdi, katta-katta mablagʻlar ajratilib qilinayotgan bu ishlar oʻzidan-oʻzi boʻlayotgani yoʻq. Shunday katta ishlarning boshida turgani uchun Prezidentimizga katta rahmat.

“Sazogʻon 1” va “Sazogʻon 2” loyihalari — bu nafaqat Oʻzbekiston energetika tizimi, balki mamlakatning barqaror iqtisodiy rivojlanishi uchun ham ulkan ahamiyatga ega boʻlgan strategik infratuzilma loyihasidir. U toʻla quvvat bilan ishga tushgach shubhasiz mamlakatning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondirish, yashil energetikani rivojlantirish hamda energetik xavfsizlikni mustahkamlashga, hududiy iqtisodiyotning rivojlanishiga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga, xorijiy investitsiyalarni jalb etishga, mahalliy qurilish va ishlab chiqarish korxonalarini qoʻllab-quvvatlashga, eng muhimi xalqimiz farovonligining yanada ortishiga munosib hissa qoʻshadi.