Sentyabrda boʻlib oʻtadigan chet tilini bilish imtihoni sanalari maʼlum boʻldi

Chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha sentyabr oyida boʻlib oʻtadigan imtihon sanalari eʼlon qilindi. Bu haqida Taʼlim nazorati Telegram-kanalida xabar berildi.

Maʼlum qilinishicha, imtihonning yozma qismi 13-14-sentyabr kunlari, gapirish koʻnikmasini baholash bosqichi esa 15-sentyabrdan 25-sentyabrgacha (dam olish kunlaridan tashqari) oʻtkaziladi.

Talabgorlar “my.gov.uz” saytining “Mening arizalarim” boʻlimidan ruxsatnomani yuklab olishlari va undan imtihon joyi, kuni va aniq vaqtini bilishlari mumkin boʻladi.

Ruxsatnomada talabgorlar qachon, qayerda test sinovida ishtirok etishi koʻrsatilgan boʻlib, talabgorlardan belgilangan vaqtdan kechikmagan holda kelishlari soʻraladi.

Talabgorlar test sinovi oʻtkaziladigan binolarga shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-karta) asosida kiritiladi.