Oʻzbekistonda qaysi xizmat turlari eng tez oʻsmoqda?

Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida Oʻzbekistonda koʻrsatilgan bozor xizmatlari hajmi 802,5 trln soʻmni tashkil etdi.

Qayd etilishicha, mazkur koʻrsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan real hisobda 16,7 foizga oshgan.

Hisobot davrida xizmatlar sohasining aksariyat yoʻnalishlarida oʻsish kuzatilgan. Eng yuqori oʻsish moliyaviy xizmatlarda qayd etilib, ular hajmi 24,5 foizga oshgan.

Arxitektura, muhandislik izlanishlari, texnik sinov va tahlil xizmatlari 23,6 foizga, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 20 foizga koʻpaygan.

Shuningdek, taʼlim xizmatlari 18,4 foiz, koʻchmas mulk bilan bogʻliq xizmatlar 15,4 foiz, sogʻliqni saqlash sohasidagi xizmatlar 15,3 foiz, savdo xizmatlari 15,2 foizga oʻsgan.

Joylashtirish va ovqatlanish xizmatlari hajmi 15 foizga, shaxsiy xizmatlar 14,4 foizga, transport xizmatlari 14,3 foizga oshgan.

Kompyuter va maishiy buyumlarni taʼmirlash xizmatlarida 11,3 foiz, ijara xizmatlarida 10,7 foiz oʻsish qayd etilgan. Boshqa xizmatlar hajmi esa 11,7 foizga koʻpaygan.