Samarqand shahrida Oliy Majlis Senati hamda Parlamentlararo ittifoq hamkorligida Yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi oʻz ishini boshladi.
“Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yoʻlida” mavzusida oʻtkazilayotgan nufuzli xalqaro anjumanda dunyoning 58 ta mamlakatidan yosh parlament aʼzolari, shuningdek, 11 ta xalqaro tashkilot vakillaridan iborat 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashmoqda.
Konferensiyaning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Prezident Shavkat Mirziyoyevning forum qatnashchilariga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi. Tadbirda Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson, tashkilot Bosh kotibi Anda Filip hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov ishtirok etmoqda.
Anjuman doirasida inson huquqlari va yoshlarning siyosiy ishtiroki, ijtimoiy adolat, raqamli xavfsizlik, taʼlim va munosib mehnat, yosh ayollarning siyosiy faolligi, shuningdek, parlamentlarning global muammolarni hal etishdagi roli kabi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Konferensiyada ishtirok etish uchun Parlamentlararo ittifoq vakillari hamda Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Kanada, Turkiya, Germaniya, Irlandiya, Jazoir, Zimbabve, Kot-dʼIvuar, Ozarbayjon, Pokiston, Seyshel orollari, Urugvay, Uganda, Namibiya, Shveysariya, Shimoliy Makedoniya, Eron, Bahrayn, Nigeriya, Mavritaniya, Janubiy Afrika, Kambodja va mintaqamiz mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari yurtimizga tashrif buyurgan.
Maʼlumot uchun, mazkur konferensiyani Samarqandda oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan oʻtgan yili Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasida ilgari surilgan edi. Oradan bir yil oʻtib, ushbu tashabbus amaliy natijaga aylandi.