Bu yil 78 ming nafardan ortiq oʻgʻil-qizlar maktab ostonasiga ilk qadam qoʻyib, 1-sinfga qabul qilindi. Ularga maktab sumkasi, zarur oʻquv qurollari hamda darsliklar toʻplamidan iborat “Prezident sovgʻasi” topshirildi.
Taʼkidlash joiz, soʻnggi yillarda mamlakatimizda umumtaʼlim maktablarining moddiy bazasini yaxshilash, taʼlim jarayoniga innovatsiyalarni joriy etish, malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, soʻnggi oʻn yilda viloyatdagi maktablarda qariyb 200 mingta qoʻshimcha yangi oʻquvchi oʻrni yaratildi. Joriy oʻquv yili oldidan esa yana 78 ta maktabning zamonaviy andazalar asosida bunyod etilgan yangi binolari foydalanishga topshirildi. Ular orasida Chiroqchi tumanining Arabbandi qishlogʻida qad rostlagan yangi maktab binosi ham bor. Bu maktab arabbandiliklarning uzoq yillik orzusi edi.
— Mahallamizda 7 ming nafardan oshiq kishi istiqomat qiladi, — deydi mahalla raisi Tolmas Qulmuratov. — Ammo shu vaqtga qadar oʻzimizda maktab yoʻq, farzandlarimiz esa qoʻshni qishloqlardagi olis maktablarga qatnashardi. Mana endi ular yangi oʻquv yilini oʻz mahallamizdagi koʻrkam va zamonaviy maktabda boshlashmoqda. Bundan butun mahalla ahli mamnun.
Qariyb 11,5 milliard soʻm mablagʻ evaziga qurilgan maktab, 330 oʻringa moʻljallangan boʻlib, unda oʻquvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Viloyatdagi barcha maktablarda tashkil etilgan “Bilimlar kuni” tadbirlarida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar, oʻqituvchi va oʻquvchilar ishtirok etishdi.