1-sentyabrdan boshlab milliy sertifikat imtihoni uchun toʻlov miqdori oshiriladi

Taʼlim nazorati Telegram-kanali 2026-yil ikkinchi yarim yillikdan boshlab milliy sertifikat imtihoni boʻyicha qanday oʻzgarishlar boʻlishi toʻgʻrisida maʼlumot berdi.

Maʼlumki, Bilim va malakalarni baholash agentligi 2026-yil ikkinchi yarim yillikda boʻlib oʻtadigan chet tili va umumtaʼlim fanlaridan oʻtkaziladigan milliy sertifikat imtihonlari sanalari va tartibini eʼlon qilgan edi.

Bildirilishicha, sertifikat imtihonlariga bir qancha oʻzgarishlar kiritilgan. Jumladan, 1-sentyabrdan boshlab imtihon uchun toʻlanadigan toʻlov miqdori oshirilgan. Endilikda talabgorlar 594 000 soʻm toʻlov qiladi, faqat 1-sentyabrgacha avvalgi tartibda 556 200 soʻm toʻlov qilish mumkin boʻladi

Maʼlumot uchun, milliy sertifikat imtihoni uchun bir yarim bazaviy hisoblash miqdorining 90 foizida toʻlov undiriladi va 2026-yil 1-sentyabrdan BHM miqdori 440 ming etib belgilangan. Shuning hisobiga sertifikat imtihoni uchun qilinadigan toʻlov miqdori ham oshirilgan.

Bundan tashqari, yana bir qancha umumtaʼlim fanlaridan milliy sertifikat imtihoni oʻtkaziladi. Jumladan, yangi jadvalda “Huquqshunoslik”, “Musiqa madaniyati” va “Boshlangʻich taʼlim” fanlari boʻyicha sertifikat imtihonlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, ikkinchi yarim yillikda ayrim fanlar boʻyicha imtihon topshirish formati ham oʻzgargan. Yaʼni, fizika, musiqa madaniyati, geografiya, huquqshunoslik va boshlangʻich taʼlim fanlaridan imtihon elektron formatda boʻladi. Bunda imtihonlar yozma emas, kompyuterda topshiriladi.