2026-yil 1-oktabrdan boshlab №1/2-sonli "Olmaota — Toshkent" xalqaro poyezdida ilk bor "Ayollar vagoni" xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda "Yo‘lovchi tashish" AJ ma’lum qildi.
Poyezd har kuni Qozog‘iston va O‘zbekistonning yirik shaharlarini bog‘laydi. Yo‘nalishga ayollar uchun alohida vagon qo‘shish qarori mazkur yo‘nalishga talab yuqoriligi va yo‘lovchilar oqimi ortib borayotgani fonida qabul qilindi.
"Yo‘lovchi tashish" AJ boshqaruvi raisi Anuar Axmetjanovning so‘zlariga ko‘ra, "Ayollar vagoni" xizmati Qozog‘istonning ichki temir yo‘l yo‘nalishlarida allaqachon katta talabga ega. Xizmat ishga tushirilganidan buyon undan 946 mingdan ortiq yo‘lovchi foydalangan.
Bunday vagonlarga chiptalar faqat ayollarga sotiladi. Bunda yetti yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar istisno qilinadi — ular katta yoshli ayollar bilan birga safar qilishlari mumkin.
Vagonda xizmat ko‘rsatishni faqat ayol kuzatuvchilar amalga oshiradi.
Olmaota — Toshkent xalqaro yo‘nalishida ayollar vagoni ishga tushirilgach, "Ayollar vagoni" xizmati Qozog‘istonning jami 14 ta yo‘nalishida mavjud bo‘ladi.
Hozirda №1/2-sonli poyezd har kuni qatnaydi. Olmaotadan poyezd soat 19:05 da jo‘naydi va Toshkentga Toshkent vaqti bilan 12:53 da yetib keladi. Qarama-qarshi yo‘nalishda poyezd Toshkentdan 14:41 da jo‘nab, Olmaotaga 08:51 da yetib boradi.
Ayollar vagoniga chiptani temir yo‘l kassasidan kassirga o‘z tanlovini ma’lum qilgan holda yoki Qozog‘iston temir yo‘llarining rasmiy sayti orqali onlayn xarid qilish mumkin.
Chipta rasmiylashtirishda "ЖН" belgisi mavjudligiga e’tibor berish lozim. Ushbu belgi tanlangan joy ayollar vagonida ekanini bildiradi.
Chiptalar poyezd jo‘nashidan 45 kun oldin sotuvga chiqariladi. Shu sababli yo‘lovchilar o‘zlari uchun qulay sana va joyni oldindan tanlashlari mumkin.