Qirg‘izistonda “Si Szinpinning davlat boshqaruvi to‘g‘risida” kitobining beshinchi jildi taqdim etildi

16.07.2026 16:22 MARKAZIY OSIYO 3429 ipaknews.uz

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida “Si Szinpinning davlat boshqaruvi to‘g‘risida” kitobining beshinchi jildi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, Xitoy va Qirg‘izistonning turli jamoatchilik vakillari hamda Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) vakillari ishtirokida, ShHT tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan mazkur kitobning beshinchi jildini muhokama qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Kitobda Xitoy uslubidagi modernizatsiyaning nazariyasi va amaliyoti tizimli ravishda bayon etilgan, shuningdek, insoniyatning mushtarak taqdir hamjamiyatini barpo etishga doir Xitoyning konseptual va amaliy yondashuvlari yaqqol aks ettirilgan. Ushbu asar Xitoy modernizatsiyasi va zamonaviy Xitoyni chuqurroq anglashga xizmat qiluvchi nufuzli manba bo‘lib, Xitoy va Qirg‘iziston o‘rtasida davlat boshqaruvi sohasidagi tajriba almashuvini chuqurlashtirish hamda ikki mamlakat taraqqiyot strategiyalarini uyg‘unlashtirish uchun muhim yo‘riqnoma vazifasini bajaradi.

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Roza Otunbayeva ta’kidlashicha, XXR Raisi Si Szinpin ilgari surgan insoniyatning mushtarak taqdir hamjamiyati konsepsiyasi butun dunyoga ta’sir ko‘rsatayotgan muhim g‘oya va tashabbusdir. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini yuqori sifatda birgalikda amalga oshirish Qirg‘iziston taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda hamda mamlakatning Yevrosiyodagi muhim transport-logistika markaziga aylanishiga xizmat qilmoqda.

“Xitoy taraqqiyotining mantiqini, davlat boshqaruvi mexanizmlarini va uzoq muddatli rejalashtirish tajribasini sinchkovlik bilan o‘rganish biz uchun, shubhasiz, katta amaliy ahamiyatga ega”, — dedi R. Otunbayeva.

Qirg‘iziston davlat kotibi Arslan Qo‘ychiyevning qayd etishicha, Xitoy marksizmni milliy sharoitga eng muvaffaqiyatli moslashtirgan mamlakat bo‘lib, marksizmning asosiy tamoyillarini milliy voqelikka tatbiq etishda boy tajriba to‘plagan. Uning ta’kidlashicha, XXI asr marksizmini tushunish uchun Si Szinpin asarlarini chuqur o‘rganish zarur. A. Qo‘ychiyev qo‘shimcha qilishicha, “Si Szinpinning davlat boshqaruvi to‘g‘risida” kitobini mutolaa qilish Qirg‘izistonning Xitoy va dunyo bilan munosabatlarini yanada chuqurroq anglashga yordam beradi hamda taraqqiyot va farovonlik yo‘lida amaliy hamkorlik orqali sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro boyish jarayoniga ilhom bag‘ishlaydi.

ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Pyao Yanfan so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va Qirg‘iziston SHHTning asoschi davlatlari sifatida “Shanxay beshligi” mexanizmini yaratish va rivojlantirishga o‘ziga xos hissa qo‘shgan. Uning ta’kidlashicha, Si Szinpinning Xitoy va Markaziy Osiyoning mushtarak taqdir hamjamiyatini, shuningdek SHHTning mushtarak taqdir hamjamiyatini barpo etishga bag‘ishlangan nutqlari jamlangan ushbu muhim kitob mintaqa davlatlari o‘rtasidagi birdamlik va hamkorlikni yanada mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni kuchaytirish, taraqqiyot strategiyalarini uyg‘unlashtirish hamda xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni chuqurlashtirish yo‘lini ko‘rsatadi.

Taqdimot davomida Xitoy tomoni qirg‘izistonlik mehmonlarga “Si Szinpinning davlat boshqaruvi to‘g‘risida” kitobining uchinchi jildini qirg‘iz tilida, beshinchi jildini esa rus tilida sovg‘a qildi.

Qirg‘izistonning tibbiyot sohasi va ommaviy axborot vositalari vakillari “xalq manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyilining amaliy ifodasi bo‘lgan Xitoy–Qirg‘iziston hamkorligiga oid o‘z hikoyalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbirda ishtirok etgan ekspertlar Xitoy uslubidagi modernizatsiya, insoniyatning mushtarak taqdir hamjamiyatini barpo etish, Global boshqaruv tashabbusini amalga oshirish, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini birgalikda rivojlantirish hamda sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro boyish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Taqdimot XXR Davlat kengashi matbuot devoni, Xitoy xalqaro kommunikatsiyalar guruhi (CICG) hamda XXRning Qirg‘izistondagi elchixonasi tomonidan hamkorlikda tashkil etildi. Unda ikki mamlakatning siyosiy partiyalari, ommaviy axborot vositalari, tahliliy markazlari va keng jamoatchiligi vakillaridan iborat qariyb 300 nafar ishtirokchi qatnashdi.