Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida “Si Szinpinning davlat boshqaruvi to‘g‘risida” kitobining beshinchi jildi taqdim etildi
Tadbir ishtirokchilari ta’kidlashicha, kitobning beshinchi jildi yangi davrda Xitoy xususiyatlariga ega sotsializm haqidagi Si Szinpin g‘oyalarining eng so‘nggi yutuqlarini har tomonlama va tizimli ravishda aks ettiradi hamda xalqaro hamjamiyatga Xitoy modernizatsiyasining o‘ziga xos jihatlarini yaxshiroq tushunish va zamonaviy Xitoyni chuqurroq anglashga yordam beradigan nufuzli nashr hisoblanadi. Xitoy va Qozog‘iston modernizatsiya yo‘lida hamfikr davlatlardir. XXR Raisi Si Szinpinning muhim asarlariga tayangan holda ikki mamlakat o‘rtasida davlat boshqaruvi tajribasi bo‘yicha chuqur almashinuvni rivojlantirish umumiy taqdir hamjamiyatini barpo etishga xizmat qiladi.
Qozog‘iston Prezidenti Administratsiyasining ichki siyosat bo‘limi mudiri Yelnur Beysenbayevning ta’kidlashicha, “Si Szinpinning davlat boshqaruvi to‘g‘risida” kitobining beshinchi jildi taqdimoti Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasidagi sivilizatsiyalararo almashinuv va o‘zaro o‘rganish jarayonida yangi bosqich bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Qozog‘iston milliy sharoitlardan kelib chiqib mamlakat modernizatsiyasini jadallashtirish maqsadida keng qamrovli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirmoqda. Modernizatsiya yo‘lida Qozog‘iston va Xitoyning umumiy jihatlari ko‘p. Si Szinpin asarlarida bayon etilgan davlat boshqaruvi falsafasi va rivojlanish strategiyasi Qozog‘iston uchun katta ahamiyatga ega, dedi Y. Beysenbayev.
Qozog‘iston Prezidenti huzuridagi Markaziy kommunikatsiyalar xizmati direktori Asqar Umarov esa so‘nggi o‘n yilliklarda Xitoy iqtisodiyot, fan va texnologiyalar, madaniyat, qonun ustuvorligi hamda diplomatiya sohalarida ulkan natijalarga erishganini qayd etdi. Uning fikricha, XXR tajribasi Qozog‘istonda chuqur o‘rganishga va keng qo‘llashga loyiqdir.
“Kitobning beshinchi jildi zamonaviy Xitoy taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini aks ettiradi. Qozog‘iston uchun ushbu nashr alohida dolzarblik kasb etadi. Xitoyning uzoq muddatli maqsadlari va qabul qilinayotgan qarorlar mantig‘ini qanchalik chuqur tushunsak, ikki tomonlama hamkorlik shunchalik samarali rivojlanadi”, — dedi u.
Xitoyni o‘rganish markazi direktori Gulnar Shaymergenovaning ta’kidlashicha, jahon tartibi chuqur o‘zgarishlar davrini boshdan kechirayotgan bir paytda Xitoy global iqtisodiy o‘sishning yetakchi markazlaridan biri va xalqaro barqarorlikning muhim omili sifatidagi mavqeini saqlab qolmoqda.
“Si Szinpin asarlari o‘nlab tillarga tarjima qilingan va dunyoning turli mamlakatlarida sinchkovlik bilan o‘rganilmoqda. Xitoy rahbari o‘z kitoblari orqali mamlakatining xalqaro faoliyati uchun g‘oyaviy asoslarni shakllantirib, jahon hamjamiyatiga hamkorlikdagi taraqqiyot bo‘yicha o‘z qarashlarini taklif etadi”, — dedi u.
Tadbir davomida Xitoy tomoni qozog‘istonliklarga “Si Szinpinning davlat boshqaruvi to‘g‘risida” kitobining to‘rtinchi jildini qozoq tilida va beshinchi jildini rus tilida sovg‘a qildi.
Xitoy va Qozog‘istonning tahliliy markazlari, biznes doiralari hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlik mahalliy aholi uchun qanday real foyda keltirayotgani haqida qiziqarli misollar bilan o‘rtoqlashdilar. Ekspertlar, shuningdek, Xitoy–Qozog‘iston umumiy taqdir hamjamiyatini barpo etish va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini birgalikda rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Tadbir XXR Davlat kengashi matbuot devoni, Xitoy xalqaro kommunikatsiyalar guruhi (CICG) hamda XXRning Qozog‘istondagi elchixonasi tomonidan hamkorlikda tashkil etildi. Unda nashriyot sohasi, ommaviy axborot vositalari, tahliliy markazlar, oliy ta’lim muassasalari, biznes va boshqa sohalar vakillaridan iborat 200 nafardan ortiq Xitoy va Qozog‘iston fuqarolari ishtirok etdi.