Namanganda 500 mln soʻmlik sifatsiz dori vositalarining savdoga chiqarilishi toʻxtatib qolindi

Namangan viloyatida sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mingbuloq tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda “M.Sh.” MCHJ rahbari muqaddam sudlangan A.A. va boshqalar Namangan shahridagi “Boburshoh” MFY va Davlatobod tumanidagi “Porloq” MFY hududlaridagi omborxonalarida davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan va yaroqlilik muddati oʻtgan umumiy bahosi 502,7 mln soʻmlik 485 turdagi 32 626 quti dori vositalari va tibbiy buyumlarni kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganliklari aniqlanib, ushbu dori vositalari va tibbiy buyumlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.