Namangan shahridagi “Maʼrifat maskani”da Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan faol tadbirkorlarni mukofotlashga oid farmon va farmoyishlariga muvofiq taqdirlangan bir guruh tadbirkorlarni sharaflashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etilgan marosimda ishbilarmonlik sohasida intilish va erishayotgan natijalari davlatimiz rahbari tomonidan yuksak eʼtirof etilgan Uchqoʻrgʻon tumanidagi “Citrus city” MCHJ direktori Nosir Bekmuratov, Davlatobod tumanidagi “Comfort cool system” MCHJ taʼsischisi Bahodir Mamashayev, Yangi Namangan tumanidagi “Zarka” MCHJ rahbari Nigora Nasimova, Namangan tumanidagi “Yusuf bahor gullari” MCHJ rahbari Oybek Nuritdinov, Namangan shahridagi gul yetishtiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor Nasiba Rustamova hamda “Grand textile service” MCHJ rahbari Ruslan Sadikovlarga “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
— Men, gulchilik sohasida uchinchi avlodman, — deydi “Yusuf bahor gullari” MCHJ rahbari Oybek Nuritdinov, — lekin yaqin-yaqingacha gulchilik unchalik qadrlanmagan, oilaning ishdan boʻsh vaqtida ishqibozlik tufayli shugʻullanadigan, daromadi ham haminqadar yumush sifatida qarab kelinar edi. Mustaqillik sharofati bilan tadbirkorlikka keng yoʻl berilgach, ayniqsa keyingi yillarda Prezidentimizning alohida eʼtiborlari bilan gulchilik ham zamonaviy tadbirkorlikda katta bir yoʻnalishga aylandi. Gulchilik orqasidan biz dunyoga chiqa boshladik, shaxsan oʻzim Gollandiya, Germaniya, Xitoy davlatlarida boʻlib gul urugʻchiligi va parvarishi boʻyicha ilgʻor tajribalarni oʻrganib, hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga erishdim. Bugungi kunda firmamizda 50 nafar kishi doimiy va bundan tashqari hududimizdagi boʻsh turgan yerlarni tasarrufimizga olib tashkil qilgan gulchilik kooperatsiyamizda 750 nafar xotin-qiz oilaviy kasanachilik asosida ish bilan taʼminlangan. Bir mavsumda 40 million soʻmdan oʻtkazib daromad qilayotgan oilalar bor.
Yana eʼtiborlisi shuki, tadbirkor gulchi nafosat yaratish orqali topayotgan foydasi hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni mehr-muruvvat koʻrsatishni ham unutmaydi. Misol uchun oʻtgan yilning oʻzida ikki kam taʼminlangan oilaning uy qurilishiga baholi qudrat homiylik qildi. Oʻzi oʻqigan maktabning 10 nafar aʼlochi oʻquvchisi uchun 2,5 mln soʻmdan stipendiya joriy qilgan. Bundan tashqari “Yashil makon” loyihasi doirasida qishloqning asosiy yoʻli hisoblangan “Koʻrkam” koʻchasi boʻylab 200 tup archa va 200 tup pavloniya kabi manzarali daraxtlar ekilishiga homiylik qildi.
— Bu ezgu ishlarimizning zamirida Prezidentimizning biz tadbirkorlarga bildirayotgan katta ishonch va umidlari, qoʻllab-quvvatlayotganlari mujassam, — deydi O.Nuriddinov. — “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni shu ragʻbatning amaliy ifodasidir. Bunday yuksak eʼtirof tadbirkorlarning mehnati, tashabbusi va jamiyat taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasiga berilgan munosib bahodir. Bu esa bizni yangi loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish hamda yangi ish oʻrinlari yaratishga yanada ruhlantiradi.