Samarqandlik tadbirkorlarga davlat mukofotlari topshirildi

Ular orasida 12 nafar samarqandlik tadbirkorlar “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan tadbirkor” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni, “Mardlik” ordeni, “Kelajak bunyodkori” va “Shuhrat” medallariga hamda “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoniga sazovor boʻldi.

Viloyat hokimi Adiz Boboyev mukofotlarni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirdi.

— Metall materiallariga talab har doim yuqori boʻlgan. Mahsulotni doimiy import qilish esa davlat uchun juda katta mablagʻ sarfiga olib keladi. Uni oʻzimizda tayyorlashni yoʻlga qoʻyish importni kamaytiradi, ichki bozorni qondiradi, qolaversa eksport imkoniyatlarini ham oshiradi, — deydi Samarqand shahridagi “Azia metall prof” masʼuliyati cheklangan jamiyatining rivojlantirish va investitsiya masalalari boʻyicha direktori, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan tadbirkor” faxriy unvoni sohibi Odil Boltayev. — Shu maqsadda 2018-yilda Xitoyning “URUMQI TONGYALE INTERNATIONAL TRADE” kompaniyasidan 12,5 million dollarlik zamonaviy asbob-uskunalar olib kelib, ichki bozorda import oʻrnini bosuvchi metall tunuka va profillar ishlab chiqarishni boshladik. Dastlab 2 gektar maydonda 20 nafar ishchi bilan faoliyat boshlagandik. Hozir korxona maydoni 102 gektarga, ishchilar soni 2 ming nafarga yetdi. Oʻtgan vaqt ichida 13 ta loyihani amalga oshirib, 15 turdagi rux va polimer qoplamali list, qayta ishlangan metall, bazalt, sendvich-panel, profil, quvur kabi temir mahsulotlari ishlab chiqaryapmiz. Yurtimizda temir qazib olish sanoati hali rivojlanmaganligi uchun xorijdan temirni xomashyo sifatida import qilamiz. Shu bois, Bekobod metallurgiya kombinatida Prezidentimiz bilan uchrashuvda metallurgiya sanoatini yanada rivojlantirish, tannarxini tushirish va xomashyo bazasini yaratish uchun temir konlarini oʻzlashtirish zarurati borligini aytdim. Temir qazib olish konlari ochilsa, biz temir ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishimiz borasida takliflar bildirdim. Hozir bu boʻyicha loyiha tayyorlanyapti va geologik qidiruv ishlari olib borilmoqda. Bu mamlakatimiz uchun ham, iqtisodiyotimiz uchun ham katta yangilik boʻladi. 2025-yilda 13 davlatga 130 million dollarlik mahsulot eksport qildik. Bu yil koʻrsatkichni uch barobarga oshirishni rejalashtirganmiz. Mehnatlarimiz eʼtirof etilib, 2023-yilda “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangandim. Bu yilgi tadbirkorlar kuni arafasida davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan tadbirkor” faxriy unvoni berilgani korxonamiz faoliyatiga berilgan yuksak baho boʻldi. Bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirib, temir konlarni oʻzlashtirish, metall mahsulotlari sifatini oshirish va tannarxini arzonlashtirib, ichki bozor ehtiyojini toʻla qondirish va eksport hajmini oshirishni rejalashtirganmiz.

Davlat mukofotlari samarqandlik tadbirkorlarning hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, investitsiyalarni jalb etish va tadbirkorlik muhitini yaxshilash borasidagi mehnatiga yuksak eʼtirof boʻldi.