Joriy yilgi minimal oʻtish ballari maʼlum boʻldi

Bugun, 17-avgust kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi ishtirokida 2026-2027 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish test sinovlari yakunlari va yakuniy tanlov natijalariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Agentlikning maʼlum qilishicha, davlat granti boʻyicha minimal oʻtish bali — 68,0 ball, toʻlov-kontrakt boʻyicha esa — 56,7 ball etib belgilangan va bu yil ham ballar oʻzgarishsiz qolgan.

Minimal oʻtish bali abituriyentning oliy taʼlimga qabul qilinishi uchun toʻplashi lozim boʻlgan eng kam ball hisoblanadi. Yaʼni abituriyent belgilangan kvota doirasida boʻlsa ham, tegishli minimal balldan past natija qayd etsa, talabalikka tavsiya etilmaydi.

Minimal oʻtish bali nafaqat talabalikka tavsiya etilishda, balki vakant oʻrinlar uchun qoʻshimcha tanlovda ishtirok etish hamda super-kontrakt asosida oʻqish imkoniyatidan foydalanishda ham muhim mezon hisoblanadi.

Shu sababli 56,7 balldan kam ball toʻplagan abituriyentlar vakant oʻrinlar uchun qoʻshimcha tanlovda ishtirok eta olmaydi hamda super-kontrakt asosida oʻqish uchun ariza bera olmaydi.