Natijasidan norozi abituriyentlar qachon va qayerga apellatsiya beradi?

Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlari natijasidan norozi boʻlgan abituriyentlar 15-avgustdan 24-avgustgacha apellatsiya arizasi topshirishlari mumkin.

Arizalar “my.uzbmb.uz” sayti orqali onlayn qabul qilinadi. Abituriyent apellatsiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan boʻlishi lozim.

Apellatsiya arizasini bergan abituriyentga uni koʻrib chiqish sanasi va vaqti koʻrsatilgan xabarnoma beriladi. Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat va xabarnoma bilan Bilimni baholash agentligiga (yoki xabarnomada belgilangan joyga) kelishi kerak.

Apellatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish 2026-yil 19-avgustdan boshlanadi.