Samarqand shahrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Bu haqida “Hududgaztaʼminot” AJ xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, filial mutaxassislari hamda huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda Samarqand shahrida reyd tadbirlari oʻtkazilgan.
Bildirilishicha, shaharning “Maroqand” MFYda joylashgan umumiy ovqatlanish maskanida xatlov oʻtkazilganda, loyiha-texnik hujjatlarisiz, taʼminot korxonasi bilan shartnoma rasmiylashtirmasdan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani maʼlum boʻlgan.
Hozirda mazkur holat boʻyicha dalolatnoma rasmiylashtirilgan va dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 385 million 339 ming soʻmlik zarar qayd etilgan. Ish boʻyicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.