Yarim yilda davlat xaridlari hajmi 188,4 trln soʻmga yetdi

2026-yilning birinchi yarim yilligida Oʻzbekistonda davlat xaridlari doirasida 1 milliondan ortiq bitim tuzilgan. bu haqida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, davlat xaridlari boʻyicha 1 million 99 ming 305 ta bitim rasmiylashtirilib, ular doirasida 188,4 trillion soʻmlik xaridlar amalga oshirilgan. Hisobot davrida raqobatli xarid mexanizmlarini qoʻllash hisobiga 7,2 trillion soʻm mablagʻ iqtisod qilingan.

Hududlar kesimida davlat xaridlarining eng katta qismi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelib, 77,7 trillion soʻmlik (41 foiz) xarid amalga oshirilgan. Keyingi oʻrinlarda Navoiy viloyati — 34,3 trillion soʻm (18 foiz) va Toshkent viloyati — 17,2 trillion soʻm (9 foiz) qayd etilgan.

Vazirlik va idoralar kesimida eng yuqori davlat xaridlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hissasiga toʻgʻri kelib, xaridlar 13,5 trillion soʻmni tashkil etgan. Shuningdek, Transport vazirligi 11 trillion soʻmga yaqin, Suv xoʻjaligi vazirligi esa 7 trillion soʻmdan ziyod davlat xaridlarini amalga oshirgan.

Yirik davlat korxonalari orasida eng katta xarid hajmi “Navoiy KMK” AJ tomonidan qayd etilgan — 21,8 trillion soʻm. Keyingi oʻrinlarda “Olmaliq KMK” AJ (8,4 trillion soʻm), “Oʻzbekneftgaz” AJ (6,5 trillion soʻm) va “Navoiyuran” AJ (5,8 trillion soʻm) joy olgan.