Ertadan 1-sinfga qabulning ikkinchi bosqichi boshlanadi

Shu yilning 1-avgustidan boshlab, 1-sinfga qabulning ikkinchi bosqichi start oladi. Bu haqida Taʼlim nazorati Telegram-kanali xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu bosqichda ota-onalar farzandini oʻz mikrohududiga biriktirilmagan boshqa maktabga joylashtirish uchun “my.gov.uz” portali orqali yangi ariza yuborishi mumkin boʻladi.

Birinchi bosqichda yuborilgan arizani bekor qilish yoki oʻchirish talab etilmaydi. Ikkinchi bosqich uchun yangi ariza mustaqil ravishda rasmiylashtiriladi.

Buning uchun ota-onalar “1-sinfga qabul” xizmati orqali farzandini tanlab, ariza topshirish jarayonini qaytadan boshlashi lozim.

Ariza toʻldirilayotganda “Ariza topshirishning hududiy darajasi” boʻlimida “Tuman doirasida qabul” bandini tanlash kerak. Shundan soʻng tizim mikrohududdan tashqaridagi boʻsh oʻrin mavjud maktablarni tanlash imkoniyatini beradi.

Yangi ariza tasdiqlangach, tizim avtomatik ravishda maktabga hujjat topshirish vaqti haqida bildirishnoma yuboradi.

Shuningdek, ikkinchi bosqich arizasi boʻyicha ijobiy javob olgan ota-onalar farzandining hujjatlarini tanlangan maktabga shaxsan olib borib topshirishi shart.