Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov maʼlum qilishicha, dron Chexov shahridagi Zemskaya koʻchasida joylashgan koʻp qavatli uyga urilgan. Chexov meri Mixail Sobakin aniqlik kiritishicha, hujum oqibatida uyning fasadi va ikkita xonadon zarar koʻrgan. Jabrlanganlar yoʻq. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Moskva viloyatidagi “Dubrava” bogʻdorchilik shirkatida xususiy uy yongan, “Romashkino” SNT hududida esa uchuvchisiz qurilma boʻlaklari dala hovliga zarar yetkazgan. Vorobyovning soʻzlariga koʻra, havo hujumidan mudofaa kuchlari Domodedovo, Podolsk, Ramenskoye va Kolomna hududlari ustida bir necha oʻnlab dronlarni yoʻq qilgan.
Astra nashri yozishicha, dronlar hujumidan soʻng Chexov regeneratsiya zavodining qozonxonasi yaqinida shinalar yonib ketgan. Bu maʼlumotni Sobakin ham tasdiqlagan. Uning aytishicha, zavod hududida rezina yonishi sodir boʻlgan.
Nashr maʼlumotiga koʻra, zavoddan 800 metr uzoqlikda yana bir korxona — “Gidrostalkonstruksiya” zavodi joylashgan. Ukraina monitoring kanali Exilenova+ ushbu zavodga hujum qilingani haqida xabar bergan edi.
Telegram kanallari, jumladan Astra maʼlumotlariga koʻra, Podolskning Koledino hududida logistika kompaniyasining 3PL ombori yonib ketgan. Uning yonida Wildberries ombori joylashgan. Kompaniya esa oʻz ombori odatdagi rejimda ishlayotganini maʼlum qilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi tun davomida Rossiya hududlari, anneksiya qilingan Qrim va Azov dengizi ustida jami 356 ta Ukraina uchuvchisiz qurilmasi urib tushirilganini maʼlum qildi.