Namangan viloyatida ichimlik va oqava suv tizimi modernizatsiya qilinmoqda

Aholi nufusi jihatidan millionlik shahar toifasiga kiritilayotgan Namangan shahrida bugungi kunda ichimlik suvi, ayniqsa, oqava suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish borasida xalqaro moliya institutlari ishtirokida, shuningdek, davlat-xususiy sherikchilik tamoyillari asosida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Namangan shahrining asosiy ichimlik suvi manbai hisoblangan “Kurashxona” suv tozalash va uzatish inshooti Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida qiymati 16,9 million AQSH dollarga teng loyihaga binoan modernizatsiya qilinmoqda. Hozirda loyiha doirasida 9 ta zamonaviy nasos agregati, sutkasiga 100 ming kub metr quvvatga ega suvni tindirish va filtrlash inshooti, reagent xoʻjaligi, dispetcherlik va markaziy laboratoriya binosi qurilishi, bundan tashqari umumiy hajmi 20 ming kubmetr boʻlgan 3 ta toza suv rezervuari rekonstruksiya qilish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

— Mazkur loyiha yakunlangach, “Kurashxona” suv inshootining suv tozalash quvvati bir kecha-kunduzda 38 ming kub metrdan 100 ming kub metrgacha oshadi, — deydi “Namangan suv taʼminoti” AJ direktori Muhtorjon Hojiyev. — Natijada, suvning loyqaligi 2500 mg/litr boʻlgan holatlarda ham uni sifatli tozalash imkoniyati yaratiladi. Eʼtiborlisi, 600 ming nafar aholi uzluksiz va sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi umumiy qiymati 74,6 million AQSH dollari boʻlgan yana bir loyiha doirasida shaharning 106 ta mahallasidagi 650 ming nafar aholining ichimlik suvi taʼminoti, Pop tumanidagi ta mahallada istiqomat qiluvchi 35 ming nafar aholiga oqava suv xizmati koʻrsatish sifat va samaradorligi oshadi. Loyiha natijasida elektr energiyasi sarfi 7 foizga, suv yoʻqotishlari 9 foizga va ekspluatatsiya xarajatlari 11 foizga kamayishi kutilmoqda.

Namangan oqava suvlarni tozalash bosh inshootini davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida rekonstruksiya qilish boʻyicha investitsiya loyihasining taqdimotida hudud ekologiyasi va aholining turmush sifatini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratildi. Qiymati 96 million AQSH dollari boʻlgan mazkur loyihada sutkasiga 100 ming kub metr quvvatga ega oqava suvlarni tozalash inshooti va nasos stansiyasi hamda 7,5 kilometr tashlama suv tarmogʻini barpo etish koʻzda tutilgan.

Loyiha amalga oshirilishi natijasida Namangan shahri, Yangi Namangan va Davlatobod tumanlari, shuningdek Toʻraqoʻrgʻon, Kosonsoy, Namangan, Uychi, Chortoq va Yangiqoʻrgʻon tumanlarida oqava suv xizmatlari sohasidagi muammolar barham topadi. Natijada 245 ming nafardan ortiq aholi zamonaviy oqava suv xizmatlari bilan qamrab olinadi.

Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov hamda tegishli mutasaddilar qatnashgan taqdimotda shuningdek, 1964-yilda foydalanishga topshirilgan mavjud oqava suvlarni tozalash inshootining bugungi holati ham tahlil qilindi. Loyiha quvvati sutkasiga 100 ming kub metr boʻlishiga qaramay, inshoot bugungi kunda amalda 45–70 ming kub metr hajmda faoliyat yuritmoqda. Shu bois uni zamonaviy talablarga mos ravishda rekonstruksiya qilish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.