Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi majlisida mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni izchil davom ettirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash hamda ayrim sohalarni huquqiy jihatdan takomillashtirishga qaratilgan qator qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Xususan, koʻrib chiqilgan “Bozor nazorati toʻgʻrisida”gi Qonun bozor nazorati sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, mahsulotlarning xavfsizligini taʼminlash hamda inson hayoti va sogʻligʻini, isteʼmolchilar huquqlarini va atrof-muhitni xavfli mahsulotlardan himoya qilishga qaratilgan.
Qonun bilan bozor nazoratini amalga oshirish mexanizmlari, vakolatli organlarning vazifalari hamda iqtisodiy operatorlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Senatorlar Qonunning amaliyotda samarali qoʻllanilishini taʼminlash bilan bogʻliq ayrim masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Shundan soʻng senatorlar tomonidan “Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mazkur Konstitutsiyaviy Qonun Toshkent xalqaro moliya markazining huquqiy maqomini belgilash, mamlakatimizga xalqaro investitsiyalarni keng jalb qilish, kapital bozorini rivojlantirish hamda moliyaviy xizmatlar uchun zamonaviy va raqobatbardosh huquqiy muhit yaratishga qaratilgan.
Qonun bilan Moliya markazi hududida maxsus huquqiy rejimni joriy etish, investorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish, Toshkent xalqaro tijorat sudi va Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash nazarda tutilmoqda. Senatorlarning taʼkidlashicha, mazkur Konstitutsiyaviy Qonun mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro moliya institutlarini jalb qilish va iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Majlisda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan kommunal xoʻjaligi xodimi” faxriy unvonini taʼsis etish toʻgʻrisida»gi Qonun ham koʻrib chiqildi.
Keyingi yillarda kommunal xoʻjaligi sohasini isloh qilish, koʻp kvartirali uy-joy fondini samarali boshqarish va aholiga koʻrsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur Qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, kommunal xoʻjaligi sohasida uzoq yillar halol va samarali mehnat qilib kelayotgan xodimlarni munosib ragʻbatlantirishga qaratilgan.
Koʻrib chiqilgan masalalar boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.