Bugungi kunda logistika xizmatlari iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan yoʻnalishlaridan biriga aylanib, endi nafaqat yirik shaharlarda, balki chekka hududlarda ham zamonaviy infratuzilmaning muhim boʻgʻini sifatida shakllanmoqda. "Xalq so‘zi" nashri veb saytining xabar berishicha, Ana shunday istiqbolli loyihalardan biri Marhamat tumanida ishga tushirilgan “Ershi logistika markazi” boʻldi. Tadbirkor tomonidan 6,5 million AQSH dollari miqdorida investitsiya yoʻnaltirilgan mazkur markazda 350 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Uning hududida aholi uchun koʻngilochar maskanlar, oshxona va kafelar ham tashkil etilgani ushbu loyihaning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshirmoqda.
— Yangi logistika markazini barpo etishdan asosiy maqsadimiz mahalliy aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlar uchun zamonaviy xizmatlar koʻlamini kengaytirish hamda tumanning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishdan iborat, — deydi tadbirkor Akmaljon Jumaboyev. — Markazda yuklarni qabul qilish, saqlash va yetkazib berish jarayonlari zamonaviy talablar asosida yoʻlga qoʻyilgan. Kelgusida xizmat turlarini yanada koʻpaytirish va yangi ish oʻrinlari yaratishni rejalashtirganmiz.
Aytish lozim, Andijon viloyatida raqamli iqtisodiyot va xizmatlar sohasida yuqori oʻsish surʼatlari kuzatilmoqda. Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga koʻra, viloyatda IT xizmatlari eksporti hajmi 8,5 million AQSH dollarini tashkil etdi. 2025-yil yakuniga koʻra esa eksportyor korxonalar tomonidan 28 million AQSH dollarilik xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Bu koʻrsatkich 2024-yildagi 12,8 million AQSH dollariga nisbatan qariyb ikki barobar koʻp boʻlib, Andijon viloyati mazkur natija bilan respublikada ikkinchi oʻrinni egallab turibdi.