Jahon banki Oʻzbekistonda boshlangʻich taʼlim sifatini oshirish uchun 100 million dollar ajratadi

Jahon banki Oʻzbekistonda boshlangʻich taʼlim sifatini yaxshilashga qaratilgan “Iqtisodiy oʻsish uchun davlat taʼlimini transformatsiya qilish” dasturini moliyalashtirish uchun 100 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni maʼqulladi.

Bildirilishicha, loyiha doirasida 2 million nafarga yaqin boshlangʻich sinf oʻquvchisining taʼlim sifati yaxshilanishi, 50 ming nafar pedagogning malakasi oshirilishi hamda 27 mingta yangi oʻquv oʻrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Moliyalashtirish paketi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi tomonidan ajratiladigan 100 million dollarlik imtiyozli kredit hamda “Taʼlimni moliyalashtirish boʻyicha xalqaro jamgʻarma (IFFEd)”ning 5 million dollarlik grantini oʻz ichiga oladi. Mazkur grant IFFEd va Jahon bankining ilk qoʻshma loyihasi hisoblanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 378 million dollarni tashkil etadi. Shundan 273 million dollar Oʻzbekiston hukumati, 100 million dollar IDA imtiyozli krediti va 5 million dollar IFFEd granti hisobidan moliyalashtiriladi.

Dastur Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Navoiy viloyatlarida amalga oshiriladi. Maʼlumot uchun, ushbu hududlarda mamlakatdagi maktablarning qariyb 45 foizi joylashgan.

Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 2026-yilda maktab oʻquvchilari soni 7,6 million nafardan oshishi kutilmoqda. Shu sababli har yili qariyb 300 ta yangi maktab qurishga ehtiyoj mavjud.

“Iqtisodiy oʻsish uchun davlat taʼlimini transformatsiya qilish” dasturi doirasida 2030-yilgacha quyidagi natijalarga erishish koʻzda tutilgan:

  • 50 ming nafar boshlangʻich sinf oʻqituvchilari, maktab rahbarlari va taʼlim boshqaruvi xodimlarining pedagogik hamda boshqaruv salohiyatini oshirish;

  • yangi maktablar qurish va mavjudlarini kengaytirish orqali 27 mingta yangi boshlangʻich sinf oʻquv oʻrni yaratish;

  • taʼlim tizimida maʼlumotlarni yigʻish va ulardan foydalanish mexanizmlarini takomillashtirish, resurslarni taqsimlash va maktablarni boshqarishni maʼlumotlarga asoslangan yondashuv asosida yaxshilash.

Natijada 1-4 sinflarda tahsil olayotgan qariyb 2 million nafar oʻquvchi, jumladan ularning yarmi qizlar, sifatliroq taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlishi kutilmoqda.