Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 2026-2027 oʻquv yiliga moʻljallangan variativ oʻquv rejalari tasdiqlandi

Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining tegishli buyrugʻi bilan 2026-2027 oʻquv yiliga moʻljallangan variativ oʻquv rejalari tasdiqlandi. Unga koʻra, maktablarda variativ oʻquv rejalarini joriy etishda oʻquvchilar va ularning ota-onalari xohishlari inobatga olinadi.

Maʼlum qilinishicha, taʼlim oʻzbek, rus hamda qardosh tillarda olib boriladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun alohida variativ oʻquv rejalar tasdiqlangan.

Shuningdek, hududiy maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalariga variativ oʻquv rejalari asosida sinflarni shakllantirishda ota-onalar va oʻquvchilar tanlovini inobatga olish, shuningdek, mazkur jarayon ustidan Kuzatuv kengashlari orqali jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish vazifasi yuklatilgan.

Bundan tashqari, joriy yilning 25-sentyabriga qadar variativ oʻquv rejalari joriy etilgan maktablar, ularning taʼlim tili, sinfi, yoʻnalishi hamda oʻquvchilar soni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga taqdim etilishi belgilangan.

Variativ oʻquv rejalari 7-11-sinflarda oʻquvchilar hamda ularning ota-onalari xohishiga koʻra ixtiyoriy ravishda joriy etiladi.

Bunda sinflar 18 ta (filologiya, xorijiy tillar, moliya – iqtisod, axborot texnologiyalari (IT), muhandislik (texnologiya), tabiiy fanlar, ijtimoiy-gumanitar, boshlangʻich taʼlim, kimyo-texnologiya, geografiya va geologiya, maktabgacha taʼlim va psixologiya, tarix va arxeologiya, turizm, yurisprudensiya, ijtimoiy ish, yoʻl harakati va hayot xavfsizligi faoliyati, sport, harbiy vatanparvarlik) yoʻnalish boʻyicha tashkil etiladi.

Tanlov yoʻnalishi oʻquvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan soʻrovnoma orqali aniqlanadi. Variativ sinf faqat oʻquvchilar, ularning ota-onalari hamda oʻqituvchilarning kamida uchdan ikki qismi rozilik bildirgan taqdirda tashkil etiladi. Oʻquv yili davomida variativ sinf yoʻnalishini oʻzgartirish yoki uni anʼanaviy sinfga aylantirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Agar tanlangan yoʻnalishda oʻqishni istovchilar soni 35 nafardan oshsa, oʻquvchilar tegishli fan boʻyicha oʻtkaziladigan sinov natijalariga koʻra saralanadi. Sinovdan oʻtolmagan oʻquvchi anʼanaviy sinfda oʻqishini davom ettiradi. Talabgorlar soni 35 nafardan oshmagan hollarda esa ular sinovsiz qabul qilinadi.