Toshkent davlat yuridik universitetining ayrim taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilishda IQ test oʻtkaziladi. Bu haqida Taʼlim xabarlari Telegram-kanali xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga IQ test oʻtkazish tartibini belgilovchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Bunda, IQ test yurisprudensiya taʼlim yoʻnalishi boʻyicha Toshkent davlat yuridik universitetining “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” hamda “Raqamli huquq” taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga qabul qilishda oʻtkaziladi.
Roʻyxatdan oʻtish jarayonlarida huquq sohasida test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bilan birga IQ testdan oʻtishni tanlagan abituriyentlar uchun IQ test sinovlari Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan IQ test oluvchi hamkor xorijiy tashkilot bilan oʻzaro shartnoma asosida har yili 10-iyulga qadar oʻtkazilishi belgilangan.
IQ test sinovlarini oʻtkazish va natijalarni baholash xorijiy tashkilot talablariga asosan amalga oshiriladi.
Shuningdek, faqatgina, IQ test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlarga OTT va bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlash jarayonida boshqa mos yoʻnalishlar bilan birga Toshkent davlat yuridik universitetining “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” hamda “Raqamli huquq” taʼlim yoʻnalishlarini tanlash imkoniyati yaratiladi.
Maʼlumot uchun, mazkur taʼlim yoʻnalishlariga tanlovda chet tillari boʻyicha kamida B2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab qilinadi.