Zamonaviy IT shaharcha faoliyat boshladi

Axborot texnologiyalari bugungi kunda mamlakat taraqqiyotining eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylanib, yoshlarning zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, raqamli iqtisodiyotga munosib hissa qoʻshishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Ana shu maqsadlar izchil amalga oshirilayotgani samarasida Xonobod shahrining Kampirrovot mahallasida zamonaviy “IT-shaharcha” faoliyat boshladi. Yiliga 400 nafardan ziyod 5–11-sinf oʻquvchilarini qamrab oladigan mazkur majmuada kompyuter savodxonligi, dasturlash, sunʼiy intellekt, robototexnika, grafik dizayn hamda ingliz tili boʻyicha bepul taʼlim beriladi. Shuningdek, kutubxona, shaxmat toʻgaragi va kovorking zonalari ham yoshlar ixtiyoriga topshirildi.

— Bugun raqamli texnologiyalarni puxta oʻzlashtirgan yoshlar ertangi kunning yetakchi mutaxassislariga aylanadi, — deydi masʼullardan biri. — “IT-shaharcha”ning ishga tushirilishi orqali yoshlarga zamonaviy bilimlarni bepul egallash, oʻz iqtidorini namoyon etish va xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis boʻlib yetishish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Zamonaviy bilimlarni egallash istagida boʻlgan yoshlar maxsus onlayn roʻyxatdan oʻtish orqali “IT-shaharcha”da tahsil olishlari mumkin. Ushbu maskan nafaqat raqamli koʻnikmalarni shakllantirish, balki yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.