Jeneva shahrida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi Bosh kotibi Lyuk Triangl bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, tajriba almashish, qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish hamda mehnat munosabatlari sifatini oshirish va aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlash istiqbollari muhokama qilindi.
Oʻzbekistonda mehnat qonunchiligini takomillashtirish, xodimlarning mehnat huquqlari kafolatlarini kengaytirish va ijtimoiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning salmoqli natijalari qayd etildi.
Uchrashuv yakunida munosib mehnatni taʼminlash va xodimlar huquqlarini himoya qilish yoʻlida konstruktiv muloqotni yanada rivojlantirish va sheriklik aloqalarini mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.