Senat Raisi Jenevada Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining kotibiyati rahbari bilan uchrashdi

Jeneva shahrida boʻlib oʻtayotgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 114-sessiyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining kotibiyati rahbari Beate Andres bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonda mehnat munosabatlarini takomillashtirish, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlash hamda munosib mehnat tamoyillarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga eʼtibor qaratildi.

Beate Andres mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Xalqaro mehnat tashkiloti Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, qoʻshma dastur va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidladi.

Xalqaro mehnat standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, suhbat davomida joriy yilning 4–6-sentyabr kunlari Samarqand shahrida oʻtkaziladigan 12-Global yosh parlament aʼzolari konferensiyasiga tayyorgarlik masalalari ham koʻrib chiqildi. MOT mazkur nufuzli xalqaro anjumanning tashkil etilishiga koʻmaklashish hamda tashkilot vakillarining unda qatnashishidan manfaatdor ekanini bildirdi.