Yangi hayot sari. Xitoydagi butun bir shahar ko‘chirildi.

06.06.2026 16:00 Video 2863 ipaknews.uz

Xitoyning Yunnan provinsiyasida joylashgan Detsin tumani bosqichma-bosqich eski qiyofasi bilan xayrlashmoqda. Dengiz sathidan 3400 metr balandlikdagi tog‘ yonbag‘rida joylashgan ushbu shahar endilikda yangi hududga ko‘chirilmoqda.

Shahardan qorli tog‘lar manzarasi ko‘rinib turadi, uning ortidan esa chuqur daralar boshlanadi. Biroq yillar davomida bu baland tog‘li hudud sel oqimlari va ko‘chki xavfi ostida yashab kelgan.

Mahalliy hokimiyat vakillarining ma’lum qilishicha, Yunnan–Tibet avtomobil yo‘li foydalanishga topshirilgach, shahar jadal rivojlana boshlagan. Ammo shu bilan birga geologik ofatlar xavfi ham sezilarli darajada ortgan.

Mutaxassislar eski shaharda yuzdan ortiq xavfli hududlarni aniqlagan. Ayniqsa, yomg‘irli kunlarda mahalliy aholi katta xavotir bilan yashagan.

2020-yilda Detsin tumanini to‘liq yangi joyga ko‘chirish loyihasiga start berildi.

Bir necha yillik qurilish ishlaridan so‘ng ko‘chirilayotgan aholi uchun mo‘ljallangan yangi turar joylarning birinchi bosqichi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Yangi hudud keng va zamonaviy bo‘lib, barcha zarur infratuzilmaga ega. Ko‘plab aholi vakillari bu yerda yashash sharoitlari avvalgidan ancha qulay ekanini ta’kidlamoqda.

Yangi tuman markazi Lansan daryosi bo‘yida joylashgan bo‘lib, bu hududda endi geologik ofatlar xavfi mavjud emas.

Mahalliy aholi uchun bu haqiqatan ham yangi hayotning boshlanishidir.