11
11

URUMCHIDAGI KATTA BOZOR

Urumchidagi “Katta bozor”ning rivojlanishida so‘nggi o‘ttiz yil davomida Xitoy Kommunistik partiyasi qo‘mitasi kotibi va Shinjon “Erdaoqiao” madaniy turizm guruhi raisi Luan Lisin faol ishtirok etib kelmoqda. Bugungi kunda bu yerda minglab savdogar va tadbirkorlar faoliyat yuritadi. Bozor shaharning diqqatga sazovor sayyohlik maskanlaridan biriga aylangan.

“Erdaoqiao” - Katta bozor o‘z nomini Sin sulolasi davrida qurilgan yog‘och ko‘prikdan olgan. Yuz yildan ortiq vaqt davomida ushbu hudud Shinjondagi shimol va janubni, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lovchi savdo yo‘llarini tutashtirgan muhim savdo markazi bo‘lib kelgan.

Bir necha o‘n yil avval bu yerda jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan eski davlat bozori faoliyat yuritgan. Harbiy xizmatda o‘n yildan ortiq vaqt o‘tkazgan Luan Lisin keyinchalik bozorni rivojlantirishga bel bog‘ladi. Uning oldida xodimlar va savdogarlarning ish o‘rinlarini saqlab qolish, shu bilan birga korxonani qarzlardan chiqarish vazifasi turardi.

2003-yilda majmua negizida yirik qo‘shiq va raqs ansambli tashkil etildi. Savdo faoliyati gastronomiya va konsert dasturlari bilan uyg‘unlashtirildi. Natijada bozor asta-sekin sayyohlik maskaniga aylandi. Bu yerga kelgan mehmonlar mahalliy taomlar, musiqa va turli mahsulotlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.

Faoliyati davomida majmua 30 mingdan ortiq tadbirkorga savdo maydonlarini taqdim etdi. Luan Lisinning ta’kidlashicha, majmuaning rivojlanishi, avvalo, unda faoliyat yuritayotgan savdogarlarning muvaffaqiyatiga bevosita bog‘liq.

Savdogarlardan biri To‘rxun Qurbonning aytishicha, uning Shinjonning o‘zida ham, Xitoyning boshqa hududlarida ham doimiy mijozlari bor. Uning fikricha, sayyohlar oqimining ortishi savdo faoliyatini rivojlantirishga yordam bermoqda.

Shu tariqa, savdo, gastronomiya va madaniy dasturlar yagona sayyohlik makonining uzviy qismiga aylandi. Urumchidagi Katta bozor bugun nafaqat savdo markazi, balki mahalliy madaniyat va an’analarni namoyish etuvchi muhim turistik maskan sifatida ham e’tirof etilmoqda.