Shinjonning Urumchi tumanidagi issiqxonalarda yil davomida qo‘ziqorin yetishtirish uchun mos harorat saqlab turiladi. Chju Chengxay bu ish bilan 20 yildan ortiq vaqt davomida shug‘ullanadi. Shu vaqt ichida ishlab chiqarish hajmi oshdi, qo‘ziqorin yetishtirish esa mahalliy aholi uchun daromad manbaiga aylandi.
Tadbirkor faoliyatini boshlaganida yetarli mablag‘i ham, tajribasi ham yo‘q edi. Unga qo‘shnilar va Shinjon qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi mutaxassislari yordam berdi. Ayrimlar yer maydonini tayyorlash va yuk tashish ishlarida ko‘maklashgan bo‘lsa, boshqalar yetishtirish texnologiyasi, harorat rejimi va substrat tarkibi bo‘yicha maslahat berdi.
Asta-sekin ferula qo‘ziqorini va veshenka yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Shu asosda atrofdagi qishloqlar aholisi birlashgan “Shunsinnun” dehqonlar kooperativi tashkil etildi.
Hozir issiqxona xo‘jaligida yiliga qariyb 300 tonna ferula qo‘ziqorini va 1,5 ming tonna veshenka yetishtiriladi. Mahsulotlar Urumchi, Pekin, Shanxay va Guanchjou shaharlariga yetkazib beriladi.
Xo‘jaliklardan biri qishloq jamoasiga yiliga 500 ming yuandan ortiq, ya’ni qariyb 75 ming dollar daromad keltiradi va 30 nafardan ortiq kishini doimiy ish bilan ta’minlaydi. Ma Yan turmush o‘rtog‘i bilan birga issiqxonada ishlaydi. U har oy barqaror daromad oladi, uyiga yaqin joyda ishlagani sababli oilasiga ham g‘amxo‘rlik qila oladi.
Vaqt o‘tishi bilan ishlab chiqarish atrofida tajriba almashish, ekskursiyalar tashkil etish, qo‘ziqorin terish va feruladan sous tayyorlash kabi qo‘shimcha yo‘nalishlar ham paydo bo‘ldi. Shu tariqa qo‘ziqorin yetishtirish mahalliy aholi uchun barqaror ish va daromad manbaiga aylanib bormoqda.