Dam olish kunlari havo harorati koʻtarilishi kutilmoqda

“Oʻzgidromet” 5-7-iyun kunlari kuzatiladigan ob-havo prognozlarini eʼlon qildi.

Unga koʻra, bugun kunduzi Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Fargʻona vodiysi viloyatlarining ayrim joylarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 28-33 daraja atrofida, janubda 34-36 darajagacha boʻladi.

6-7-iyun kunlari Oʻzbekistonning katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi. Faqat 6-iyunda Fargʻona vodiysi viloyatlari va 7-iyunda Qoraqalpogʻistonning ayrim joylarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Havo harorati ushbu kunlarda asta-sekinlik bilan koʻtarilib, yakshanba kuni kunduzi 34-37 darajagacha yetadi.

Shamol 7-12 metr/sekund tezlikda esadi, baʼzi joylarda 13-18 metr/sekundgacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin. Respublikaning shimolida 7-iyunda 20-22 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.

Respublikaning togʻ oldi va togʻli hududlarida 5-7-iyun kunlari baʼzi joylarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq kuzatiladi. Sel suv-toshqin hodisalari yuzaga kelishi xavfi bor.

Toshkent shahrida bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Harorat 30-32 daraja boʻladi. Shanba va yakshanba kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. Kunduz kuniga harorat shanba kuni 30-32 daraja, yakshanba kuni 34-36 daraja boʻladi.

Shamol 3-8 metr/sekund tezlikda esadi, vaqti-vaqti bilan 10-12 metr/sekundgacha kuchayadi, shaharning ayrim joylarida chang-toʻzonlar bilan kuzatiladi.