Yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi

“Tadbirkorlik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu qarorga koʻra, AT “Aloqabank” tomonidan “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 31 yoshga toʻlmaganlarga asosiy qarzdan 1-yilgacha, foiz toʻlovlaridan 3 oygacha imtiyozli davr bilan 7-yilgacha kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi.

Sugʻurta polisi taʼminoti yoki 3-shaxs kafilligi asosida 100 mln soʻmgacha imtiyozli mikroqarzlarni quyidagi loyihalar boʻyicha ajratish belgilandi:

  • yoshlarning xorijiy til va raqamli texnologiyalarni oʻrganishi hamda zamonaviy kasb-hunarni egallashi boʻyicha oʻqish xarajatlarini moliyalashtirish uchun – 20 mln soʻmgacha;

  • zamonaviy kasblar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar marketingi, mobilografiya, frilanserlik, internet (onlayn) doʻkonlar tashkil etish va oʻzini oʻzi band qilish faoliyat turiga mos loyihalar uchun – 50 mln soʻmgacha;

  • kasanachilik, toʻqimachilik mahsulotlarini tayyorlash, tikuvchilik va boshqa mahsulotlarni ikkilamchi qayta ishlash va (yoki) sotish, ulardan yangi mahsulotlar tayyorlash loyihalari uchun – 50 mln soʻmgacha;

  • novvoychilik va shirinliklar tayyorlash hamda sotish loyihalarga – 100 mln soʻmgacha.