Bugun respublika boʻylab qisqa muddatli chang-toʻzon kuzatilishi mumkin — Maxsus komissiya

Bugun, 1-iyun kuni respublikamizning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida, shuningdek, Toshkent shahri hududida nam havo oqimlari kirib kelishi oldidan qisqa muddatli chang-toʻzon hodisalari kuzatilishi mumkin.

Bu boʻyicha Jahon meteorologiya tashkilotining Chang-qum boʻronlari boʻyicha Pekin mintaqaviy markazi hamda Oʻzgidromet prognozlari eʼlon qilindi.

Prognozlarga koʻra, kun davomida ob-havo oʻzgaruvchan boʻladi, ayrim hududlarda qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Shamol tezligi 10–12 m/s gacha, ayrim hududlarda esa 12–18 m/s gacha kuchayishi ehtimoli mavjud. Kuchaygan shamol fonida ayrim joylarda chang-toʻzonlar yuzaga kelishi mumkin.

Mazkur jarayonlar natijasida atmosfera havosida chang zarrachalari miqdori, ayniqsa PM10 konsentratsiyasi qisqa muddatga ortishi kuzatilishi mumkin. Biroq ushbu holat vaqtinchalik xarakterga ega boʻlib, kunning ikkinchi yarmida kuzatiladigan qisqa muddatli yogʻingarchilik hisobiga atmosfera havosining asta-sekin tozalanishi kutiladi.

Mutaxassislar shamol kuchaygan paytlarda, ayniqsa nafas yoʻllari kasalliklari, allergiya hamda yurak-qon tomir tizimi bilan bogʻliq muammolari mavjud fuqarolarga ehtiyot choralarini koʻrishni tavsiya etadi. Zarurat boʻlmaganda uzoq vaqt ochiq havoda boʻlmaslik, deraza va eshiklarni yopiq saqlash hamda imkon qadar niqoblardan foydalanish maqsadga muvofiq.

Hozirda atmosfera havosi holati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinib, vaziyat nazorat ostida.