Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiyaning MDH Parlamentlararo Assambleyasi bahorgi sessiyasi doirasida qator uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Xususan, Senat Raisi Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko, Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova hamda Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda parlamentlararo muloqotni yanada rivojlantirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbatlar chog‘ida davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va ishonchli muloqot ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqqani qayd etildi. Parlamentlararo hamkorlik esa mazkur munosabatlarning muhim tarkibiy qismi sifatida e’tirof etildi. Parlamentlararo komissiyalar va hamkorlik guruhlari faoliyatini yanada kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, turizm, ta’lim, ilm-fan, madaniyat va yoshlar yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Suhbatlar davomida parlament diplomatiyasi bugungi kunda davlatlar o‘rtasidagi ishonchli siyosiy muloqotni mustahkamlash, xalqlarni yaqinlashtirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning muhim vositasiga aylanganini ta’kidlandi.