Oʻzbekiston Yangi taraqqiyot banki toʻgʻrisidagi bitimga qoʻshilmoqda

Senatning oʻn beshinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Yangi taraqqiyot banki toʻgʻrisidagi Bitimga (Fortaleza, 2014-yil 15-iyul) qoʻshilishi haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Bitimning asosiy maqsadi – investitsiya faoliyati orqali ishtirokchi davlatlarning oʻzaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarini kengaytirishga koʻmaklashishdir.

Yangi taraqqiyot bankiga aʼzo boʻlish mamlakatimiz uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, infratuzilma va barqaror rivojlanish sohalaridagi yirik loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Bank davlat va xususiy sektor loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida kreditlar ajratish, kafolatlar berish va investitsiya kiritish kabi zamonaviy moliyaviy instrumentlardan foydalanadi.

Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorligini kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish va iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilishga, shuningdek, mamlakatning barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlash hamda infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.