Senatning 15-yalpi majlisida senatorlar “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga elektron tijorat sohasini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni muhokama qildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda soʻnggi yillarda zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, elektron tijorat sohasini rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi elektron tijorat ishtirokchilari uchun elektron tijorat makonini yaratishni, sohada adolatli raqobat sharoitini yaratishni hamda elektron tijorat ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.




Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Qonuniga elektron tijorat sohasida toʻlovlarni, transchegaraviy elektron tijoratni amalga oshirishning, raqamli mahsulotlar eksporti va importining oʻziga xos xususiyatlarini belgilashni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Shuningdek, elektron tijorat operatorlarining majburiyatlari doirasida isteʼmolchi oldida sotuvchi javobgar boʻladigan holatlar yoki sotuvchi tomonidan isteʼmolchining qonuniy talablarini qondirish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, elektron tijorat operatorining isteʼmolchi oldida subsidiar javobgarlik meʼyori belgilanmoqda.




Soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganidek, buning natijasida isteʼmolchining xavfsiz onlayn savdo xizmatlaridan keng foydalanishi taʼminlanadi. Bundan tashqari, Qonun nafaqat elektron savdoni tartibga solish, balki elektron savdo bozorida shaffoflikni oshirish, xalqaro standartlarga mos huquqiy baza yaratishga xizmat qiladi.
Senatorlarning fikricha, ushbu chora-tadbirlar tatbiq etilishi mahalliy va xorijiy sotuvchilar oʻrtasida adolatli raqobat sharoitini taʼminlashga, transchegaraviy elektron tijorat shiddat bilan rivojlanayotgan davrda soliq tushumlari yoʻqolishining oldini olishga hamda mahalliy elektron savdo platformalarini soliq agentlari sifatida jalb etish orqali soliq tushumlarini taʼminlash jarayonlarini yengillashtirishga qaratilgan.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.