Shavkat Mirziyoyev 17-18-may kunlari amaliy tashrif bilan Ozarbayjonda boʻladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 17-18-may kunlari amaliy tashrif bilan Boku shahrida boʻladi.

Oʻzbekiston yetakchisi BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi shafeligida oʻtkazilayotgan Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasining Yetakchilar sammitida ishtirok etadi va nutq soʻzlaydi.

Forum shaharlarni barqaror rivojlantirish, arzon uy-joy bilan taʼminlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligi va uy-joyni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan.

Tashrif doirasida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.