Namanganda “Salomatlik marafoni” qizgʻin davom etmoqda

Tibbiy profilaktika, kasalliklarni erta aniqlash va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishga qaratilgan mazkur tibbiy aksiya doirasida 1-maydan boshlab bir oy davomida viloyat markazida nazariy va amaliy tarzda keng koʻlamli sogʻlomlashtirish tadbirlari oʻtkazilishi va ularga bolalar, xotin-qizlar hamda keksalar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

— Marafon doirasida poytaxt tibbiyot markazlaridan yuborilgan va viloyatimizning oʻn toʻrt soha boʻyicha eng malakali shifokorlar tomonidan shahar aholisiga tibbiy tashxislash, jarrohlik amaliyoti boʻyicha beminnat xizmat koʻrsatilmoqda, — deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Abdulhodi Iminov. — Barcha oilaviy poliklinikalarda eng zamonaviy, yuqori texnologik tibbiy asbob-uskuna va kompyuter tomograf, angiografiya, mammograf, oftalmomobil kabi vositalarda tibbiy tekshiruv va skrininglar olib borilib, yurtdoshlarimiz salomatligi chuqurlashtirilgan tartibda tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Bugunga qadar 55 mingdan ziyod keksa-yu yosh yurtdoshlarimiz chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Bundan tashqari Namangan shahridagi aholi gavjum hududlar – “Chorsu”, “Doʻstlik” hamda “Lola” kabi yirik bozorlar, “Adiblar xiyoboni”, Mashrab, Namangan davlat pedagogika instituti xiyobonlari hududida “Salomatlik nuqtalari” tashkil etilgan boʻlib, bu nuqtalarda poliklinikalarning tajribali hamshiralari bozorga kelgan va sogʻligida muammo kuzatilgan fuqarolarning ahvolini nazoratga olishyapti. Eʼtiborlisi, mazkur nuqtalarga tashkil etilgandan buyon 532 nafar fuqaro murojaat qilgan boʻlib, ularga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilib, zudlik bilan tegishli mutaxassislarga yoʻllangan.

“Salomatlik marafoni” tadbirlari boshlangan viloyat koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi 63 ta mahallada istiqomat qiluvchi 356 ming nafar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi. 53 ta maktab va 34 ta maktabgacha taʼlim muassasalari yoshlari, koʻplab xizmat maskanlariga tashrif buyuruvchilar salomatligini nazorat qilib boradi. Marafon oyligida aholiga yanada koʻproq qulayliklar yaratish maqsadida poliklinika binosiga kiraverishda joylashgan elektron navbat olish oynasi, bolalar, yoshi katta insonlar uchun alohida xonalar tashkil etilgan boʻlib, onalar tibbiy koʻrikdan oʻtish jarayonida kichkintoylarga ajratilgan xonada bolalarni vaqtincha joylashtirishlari mumkin.

— “Yangi hayot” mahallasidan keldim, — deydi Gavharxon Dadaboyeva. — Tibbiy tadbir bois xizmat koʻrsatish darajasi yanada yuksaltirilibdi. Ginekolog va terapevt qabulida boʻldim. Zarur tavsiyalarni oldim. Aksiya tashkilotchilariga katta rahmat!

— Marafon tadbirlariga juda katta tayyorgarlik koʻrilgani shundoq bilinib turibdi, — deydi biz bilan suhbatda Toshkent viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Ziyodulla Abdullayev. — Mazkur jarayonga taraddud va oʻtkazish ishlarini sinchkovlik bilan oʻrganmoqdamiz. Chunki yaqinda bizning viloyatimizda ham xuddi shunday marafon oʻtkaziladi. Tibbiyot muassasalari bilan birga bozorlar, xiyobonlardagi “Salomatlik nuqtalari” faoliyatini biz ham yoʻlga qoʻyishni rejalashtiryapmiz.

— Poliklinikamiz tumandagi 8 ta mahallada istiqomat qiluvchi 42 ming 138 nafar aholiga xizmat koʻrsatadi, — deydi Yangi Namangan tumanidagi 7-oilaviy poliklinika bosh shifokori Masturaxon Abdusoliyeva. — Marafon doirasida poliklinikada ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridan kelgan mutaxassislar koʻrigi, hududda joylashgan maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarida tibbiy aholining katta qismini qamrab olish rejalashtirilgan. Buning uchun poliklinikada tashkil etilgan 20 ta tibbiyot brigadasi hovlima-hovli yurib patronaj ishlari bilan birgalikda targʻibot tadbirlarini ham amalga oshirmoqda.

Tibbiyotda xalqaro hamkorlik katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, yosh bolalarni davolashda tibbiy xizmat sifatini oshirish, zamonaviy va ilgʻor davolash usullarini amaliyotda keng qoʻllashda bu jihat muhim rol oʻynaydi.

Shu maqsadda viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida Turkiyaning Istanbul shahridagi “Memorial” klinikasi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan. Klinikaning tajribali shifokori tibbiyot fanlari doktori, professor Murat Akkush mazkur kelishuvga koʻra, Namanganga kelib aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazishda ishtirok etmoqda.

— Viloyatingizda oʻtkazilayotgan “Salomatlik marafoni” kunlari bu yerga kelganimdan xursandman, — dedi biz bilan suhbatda professor Akkush. — bugun biz oʻnga yaqin bolalarni tekshiruvdan oʻtkazib, oʻz maslahatlarimizni berdik. Shu oy yakuniga qadar esa ularning ayrimlarida jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazishni rejalashtirdik.

Tadbir sogʻliqni saqlash boshqarmasi binosi oldidan boshlanib, unda qariyb 10 ming nafar tibbiyot xodimlari, nuroniylar, yoshlar, tashkilot va korxonalar vakillari hamda mahalliy aholi faol ishtirok etdi. Marafon qatnashchilari 10 ming qadam yurib, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, jismoniy faollikni oshirish va jamoatchilik oʻrtasida salomatlik madaniyatini yuksaltirishga oʻz hissalarini qoʻshdilar.

Marafon doirasida aholi va keng jamoatchilik 10000 qadam piyoda yurish, sogʻlom turmush tarzi targʻiboti kabi tadbirlarga ham keng jalb qilinmoqda.