Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Buxoro shahrida Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston parlamentlari aʼzolari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.
Turkmaniston Mejlisi Raisi Dunyogoʻzal Gulmanova bilan muloqotda transport, tranzit, chegaraoldi hamkorligi va xotin-qizlarni raqamli texnologiyalar sohasiga keng jalb etish yoʻnalishlaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Qozogʻiston Parlamenti Majilisi Raisi oʻrinbosari Daniya Yespayeva bilan uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi strategik sheriklik, parlamentlararo hamkorlik va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Qirgʻiz Respublikasi Jogorku Keneshi Raisining oʻrinbosari Jildiz Taalaybek qizi bilan boʻlib oʻtgan muloqotda ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, xotin-qizlar yetakchiligini rivojlantirish hamda parlamentlararo aloqalarni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Xotin-qizlarning taʼlim, innovatsiya va raqamli texnologiyalar sohalaridagi faolligini oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
Senat Raisi xotin-qizlarning “yashil iqtisodiyot” va ekologik tashabbuslardagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidladi.