Havo harorati kundan kunga koʻtariladi — “Oʻzgidromet”

“Oʻzgidromet” hafta oxiriga qadar yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatilishini eʼlon qildi.

Agentlik xabariga koʻra, bugun kunduzi Oʻzbekiston hududining katta qismida quruq va asosan kam bulutli ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Faqat Fargʻona vodiysining ayrim joylarida, shuningdek respublikaning togʻli hududlarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq kuzatiladi. Havo harorati 25-28 daraja atrofida, respublika janubida va choʻl hududlarida 30-33 darajagacha boʻladi.

Keyinchalik ish haftasining oxirigacha Oʻzbekistonning barcha hududlarida yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Havo harorati kundan kunga koʻtariladi. 15-may kuniga kelib kunduzi havo 32-35 darajagacha, janubda va choʻl hududlarda 36-38 darajagacha isiydi.

Shimolda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 metr/sekundgacha kuchayishi kutilmoqda, chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Toshkent shahrida 12-15-may kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat 12-mayda 25-27 daraja boʻladi, 13-15-mayda 32-34 darajagacha koʻtariladi. Shamol sharqdan birozdan oʻrtacha tezlikkacha esadi.