Joriy yilning 5-may kuni Prezidentning “Sogʻliqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–77-son Farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida quyidagilar tashkil etiladi:
• Salomatlik va strategik rivojlanish instituti negizida Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi;
• Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari;
• Kontent mediamarkazi.
Autsorsing asosida quyidagilar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi:
• aholi murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va eʼtirozlarini qabul qilish, ularni tezkor koʻrib chiqish hamda tegishli tashkilotlarga yoʻnaltirishni taʼminlash maqsadida “Call-markaz”;
• aholi va tibbiyot xodimlari bilan tizimli muloqotni taʼminlash, tibbiy xizmatlar sifati, ommabopligi va mavjud muammolar yuzasidan tezkor axborot olish hamda tahlil qilish maqsadida qayta aloqa tizimi (Feedback).
2026-yil 1-sentyabrdan tibbiyot assotsiatsiyalariga quyidagi vakolatlar beriladi:
• tibbiy yordam koʻrsatishni standartlashtirish hujjatlarini ishlab chiqish, ularni muhokama qilishda ishtirok etish va qayta koʻrib chiqish;
• cogʻliqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasining taklifiga koʻra statsionar tibbiyot tashkilotlarining tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini baholashda ishtirok etish;
• tibbiyot xodimlarining malakasini baholash, sertifikatlash hamda qayta tayyorlash jarayonlarida mustaqil professional ekspert sifatida ishtirok etish va boshqalar.